Tuman xalq ta’limi bo‘limi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman xalq ta’limi bo‘limi (bundan buyon matnda bo‘lim deb yuritiladi)ning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Bo‘lim fuqarolarning ta’limga doir konstitutsion huquqlariga rioya etilishini ta’minlovchi, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida davlat siyosatini tegishli tumanda amalga oshirish uchun javob beradigan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi), Toshkent viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga va mahalliy hokimlikka bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlik va hududiy boshqarmaning Hay’at qarorlari va buyruqlariga, tegishli mahalliy hokimliklarning qarorlariga, boshqa me’yoriy hujjatlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Bo‘lim o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini -o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Bo‘lim yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va o‘z nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligining hududiy bo‘linmalarida shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga, bank hisob raqamiga ega bo‘ladi.
7. Bo‘limning manzili (pochta manzili): Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘oni “Navro‘z” MFY 8-uy
2-bob. Bo‘limning tizimi
8. Bo‘lim tizimiga bo‘limning apparati, davlat umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, bolalar kutubxonasi kiradi.
3-bob. Bo‘limning vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka va hududiy boshqarmaga yuklangan vazifalar hamda funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sohasida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi monitoringini olib borish va nazorat qilish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘quv-metodik faoliyatni muvofiqlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni reabilitatsiya qilish va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ta’lim berishning muqobil shakllarini rivojlantirish;
tuman darajasidagi byudjetdan moliyalashtiriladigan davlat umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari harajatlarini moliyalashtirishni, ularda buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etish;
o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatiga bogliq bo‘lmagan turli xil ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni har tomonlama rivojlantirish, o‘quvchilarning bilimi va ma’naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga va maktabdan tashqari ta’limga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish;
bo‘lim tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida Yoshlar ittifoqi yetakchilari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish orqali o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga mustaqillik, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirish;
9-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish, ularning umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-sinfida yoki o‘zlari tanlagan akademik litsey yoki kasb-hunar maktablarida o‘qishlarini davom ettirishlarini ta’minlash;
o‘quvchilarning kasbga yo‘naltirilishini va psixologik-pedagogik diagnostikasini, vasiylikni, bolalar va o‘smirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni, ular bilan, shu jumladan ijtimoiy nochor bolalar bilan doimiy ish olib borishni tashkil etish;
o‘quvchi-yoshlarni jismoniy tarbiya hamda sport bilan muntazam shug‘ullanishga ommaviy jalb etishni tashkil etish;
tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari va davlat talablari bajarilishi ustidan tizimli ravishda monitoring yuritish;
tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlar bilan ta’minlash.
10. Bo‘lim o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
bo‘lim va uning xodimlari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi; idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, topshiriqlari, Vazirlik va hududiy boshqarma Hay’at qarorlari, buyruqlari hamda boshqa topshiriqlari va ko‘rsatmalarining bajarilishini muntazam nazorat qiladi;
bo‘lim tomonidan tegishli tuman hokimligiga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida qayta ishlanishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi, ta’lim-tarbiya jarayoniga metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
bo‘lim faoliyatini huquqiy ta’minlashni tashkil etadi hamda huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ijro etilishini nazorat qiladi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi hamda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ta’lim berishning muqobil shakllarini rivojlantiradi;
tuman darajasidagi byudjetdan moliyalashtiriladigan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari xarajatlarining buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etadi; umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlari va davlat talablarini bajarish monitoringini amalga oshiradi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini moddiy-texnik ta’minlashni tashkil etadi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining binolari va inshootlaridan foydalanish ishlari monitoringini olib boradi va muvofiqlashtiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etadi; bo‘lim vakolatiga tegishli bo‘lgan operativ, tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish- xo‘jalik masalalari va boshqa masalalar bo‘yicha qaror qabul qiladi;
manfaatdor organlar va muassasalar, joylardagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan ishlarni bajaradi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ish amaliyotiga umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari, ilmiy yutuqlar va ilg‘or pedagogik tajribalarning tatbiq etilishiga sharoit yaratadi;
ilg‘or o‘qituvchilar, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining ijobiy ish tajribasini o‘rganadi hamda umumlashtiradi, ta’lim muassasalaridagi o‘quv-metodik va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish davomida uni keng tuman miqyosida ommalashtiradi va tegishlicha Qorqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida ommalashtirishga tavsiya etadi;
tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘quvchilaming bilimi va ma’naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish maqsadida ushbu yo‘nalishda jamoatchilik fikrini o‘rganishni tashkil qiladi;
o‘quvchilarning ta’til davrlarida ularning mazmunli dam olishlarini tashkil etadi; umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini darsliklar, o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari, o‘quv-ko‘rgazmali qo‘llanmalar va o‘quv uskunalari, ta’limining texnik vositalari, qo‘llanma-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash ishlarini amalga oshiradi;
qat’iy nazoratdagi o‘quv hujjatlarining (sinf jurnali, shahodatnoma, guvohnoma, ularni hisobga olish daftari va boshqalar) to‘g‘ri yuritilishini bitiruvchilarga “oltin” va “kumush” medallar berilishini nazorat qiladi, buyurtmalarni shakllantirib, hududiy boshqarmaga taqdim etadi, o‘z vaqtida tarqatilishini ta’minlaydi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlari talablarining bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘tkazadi, sinflar va fanlar kesimida bo‘shliqlarni aniqlaydi va tegishli metodik tavsiyalar ishlab chiqib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga etkazadi hamda ijrosini tizimli nazorat qiladi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va texnikumlarga o‘qishga kirishi, 9-sinf bitiruvchilarining istaklariga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-sinfida yoki akademik litseylar, kasb-hunar maktablarida ta’lim olishini davom ettirishi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etadi hamda natijadorligini monitoring qiladi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining milliy reytingdagi o‘rnining pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni kamaytirish choralarini ko‘radi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlarining loyiha bo‘yicha quvvati bilan to‘ldirilganlik koeffitsienti o‘rtasidagi farqni kamaytirish choralarini ko‘radi;
umumiy o‘rta ta’lim hajmida, tibbiy ko‘rsatmalar asosida bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim-tarbiya olishiga sharoit yaratish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini olib borish hamda ota-ona qaramog‘ini yo‘qotganlikning aniq holatlaridan kelib chiqib, bolalarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan hamkorlikda ish olib borishni tashkil etadi;
to‘liq davlat ta’minoti asosida, etim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat va nodavlat ta’lim muassasalari ta’minotiga olish, o‘qitish, tarbiyalash va kasb-hunarga tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratishni ta’minlaydi;
jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalami o‘qitish, tarbiyalash, ularni kasb-hunarga tayyorlash, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini va moddiy ta’minotini, tibbiy xizmat ko‘rsatilishini va sog‘lomlashtirishni takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hududiy boshqarmaga takliflar kiritadi;
ta’lim muassasalarining ota-onalar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar bilan ijodiy faol, davlat mustaqilligi g‘oyalariga sadoqatli va jamiyat taraqqiyotiga aniq hissa qo‘shishga layoqatli shaxsni kamol toptirish bo‘yicha o‘zaro yaqin hamkorligini tashkil etilishini ta’minlaydi;
bolalarni boshlang‘ich ta’limga tayyorlash va o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;
ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi va ulardan samarali foydalanishni hamda pedagog xodimlarni shu sohadagi malakasini oshirilishini ta’minlaydi;
o‘quvchilar bilan maktabdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish choralarini ko‘rish, bunda yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini qo‘llagan holda, turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar va bellashuvlar tashkil etadi;
jismonan sog‘lom, ma’nan etuk va mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlami tarbiyalash, o‘quvchilarning va yosh pedagoglarning ijtimoiy faolligini oshirish choralarini ko‘radi;
o‘quvchi yoshlarni turli yot g‘oyalar, shu jumladan “Ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi salbiy illatlardan asrab-avaylash, ularning ma’naviy dunyosini yuksaltirish maqsadida yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib qilish, o‘quvchilarni salbiy ta’sirlardan himoya qilish hamda zararli odatlardan xalos etish ishlarini tashkil etadi;
yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ularning mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda, aniq va manzilli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish, turli to‘garaklarga, jumladan bolalar musiqa va san’at maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablariga yo‘naltirish choralarini ko‘radi;
o‘quvchilarning davomatini to‘liq ta’minlash yuzasidan aniq choralar ko‘rish va nazorat qilish, bu borada ta’lim muassasalarining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ota-onalarning o‘zaro hamkorlikdagi ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
mudofaa bo‘limi bilan hamkorlikda “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanini o‘qitishni ta’minlash hamda tegishli sharoitlar yaratilishi jarayonini muvofiqlashtiradi;
belgilangan tartibda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limning muhim masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar va seminarlar o‘tkazadi;
tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qiladi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlarini malakasini oshirish, attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;
attestatsiyadan o‘tuvchi pedagog kadrlar ro‘yxatlarini o‘rnatilgan tartibda shakllantiradi, attestatsiya jarayonining tegishli bosqichini tashkil qiladi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlarni tashkil qiladi;
pedagog xodimlarni mehnatdagi yuqori ko‘rsatkichlari, o‘quvchi yoshlarni o‘qitish va tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun davlat va tarmoq mukofotlariga belgilangan tartibda tavsiya etadi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi va ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanishi, ta’lim muassasalarining kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tomonidan zamonaviy moddiy-texnika bazasi, shu jumladan o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, mebellar, sport inventarlari va jihozlaridan samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Respublika va mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladigan xalq ta’limi tashkilotlari bino va inshootlarining mavjud holati to‘g‘risidagi bazani shakllantirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlanishi bo‘yicha har yili Manzilli dasturlarni shakllantirish uchun tegishli takliflarni hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
ta’lim muassasalarida mavjud qozonlar bo‘yicha bazani shakllantirish, shuningdek mavjud bazadan kelib chiqib, jihozlash va to‘ldirib jihozlash manzilli ro‘yxatlari bo‘yicha takliflar beradi, manzilli ro‘yxatlarni o‘rganadi va shakllantiradi, ularning monitoringini yuritadi va hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
talab bo‘yicha investitsion va boshqa dasturlarga kiritish uchun xalq ta’limi ob’ektlari bo‘yicha ma’lumotlarni hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
tizimli asosda budjet tashkilotlarining idoraviy, sanitariya normalari va qoidalariga mosligini tekshirish maqsadida tizimli ravishda ularni doimiy o‘rganish, kuz-qish mavsumida byudjet tashkilotlari bino va inshootlaridan to‘g‘ri foydalanish uchun kerakli shart-sharoitlarni ta’minlash choralarini ko‘radi;
bo‘limning va markazlashgan buxgalteriya tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim muassasalarining shtat jadvallarini va harajatlar smetalarini byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq shakllantiradi va tasdiqlaydi;
har bir muassasaning pul mablag‘lari, hisob-kitob va moddiy qimmatliklar, shuningdek, boshqa aktivlar va majburiyatlar inventarizatsiyasini o‘tkazadi, inventarizatiya natijalari to‘g‘ri rasmiylashtirilishi hamda ularning buxgalteriya hisobida aks ettirilishini ta’minlaydi;
buxgalteriya hujjatlari, hisob registrlari, xarajatlar smetasi va ularning ilovalari, shuningdek, byudjet tashkilotlari moliyaviy faoliyatiga oid boshqa hujjatlar hisobini har bir muassasa kesimida alohida yuritilishi va saqlanishini ta’minlaydi;
bo‘lim apparati va markazlashgan mablag‘lari xarajatlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, bo‘limning moddiy boyliklari, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va bo‘lim faoliyatiga doir boshqa xizmatlar bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablariga asosan hisob-kitoblarni amalga oshiradi;
idoraviy mansub tashkilot va muassasalarni to‘liq nazorat qilish, barcha turdagi moliyaviy hisobotlarni (choraklik va yillik) qabul qilish va tegishliligi bo‘yicha yuqori tashkilotlarga topshirish hamda davlat statistika, soliq, moliya organlariga, tegishli bank va ijtimoiy ta’minot bo‘linmalariga hisobot berib borilishini ta’minlaydi;
bo‘lim tasarrufidagi tashkilot va muassasalarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish ishlariga umumiy rahbarlik qiladi, muassasalardan ma’lumotlarni yig‘ib umumlashtiradi va hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
buxgalteriya hisobi va hisobotini amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilgan holda yuritish, shuningdek hisob ishlarini zamonaviy texnik vositalar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etadi;
tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va odob-axloq qoidalariga rioya qilinishini ta’minlaydi, aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini, ularni sodir etishga imkon yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish choralarini ko‘radi.
Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
4-bob. Bo‘limning huquqlari va javobgarligi
11. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tuman (shahar) bo‘linmalaridan o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga rahbarlik qilish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun tegishli hududiy boshqarma va mahalliy hokimliklarga kiritish;
umumiy o‘rta, maktabdan tashqari ta’lim muassasalaridan vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha hujjatlar, statistik ma’lumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni so‘rab olish;
o‘z vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan shunday tadbirlarda ishtirok etish;
o‘z faoliyatini keng yoritish maqsadida rasmiy veb-saytlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yaratish;
o‘z vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha metodik materiallar
va tavsiyalar ishlab chiqish;
hay’at yig‘ilishlarida bo‘lim vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish.
Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12. Bo‘lim:
tuman xalq ta’limi bo‘limlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
hududiy boshqarmaga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, bo‘lim tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;
xalq ta’limi sohasida dolzarb muammolarni, aholini tashvishga solayotgan masalalarni, shuningdek, tumanda xalq ta’limini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash, xalq ta’limi masalalariga oid qismi bo‘yicha tumanni rivojlantirish dasturiga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;
tuman xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, shuningdek, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va muammoli masasalarni hal qilish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa hujjatlarda belgilangan topshiriqlarning o‘z vakolatiga oid qismi bo‘yicha samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
5-bob. Bo‘lim mudirining asosiy funksional vazifalari
13. Quyidagilar bo‘lim mudirining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;
bo‘lim faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qilish;
mas’ul shaxslarining vakolatlarini, faoliyatning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlar o‘rtasida funksional vazifalarni taqsimlash va ularning hamda tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha javobgarlik darajasini belgilash;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Vazirlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning kotibiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida» 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son va «Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida» 2018-yil 5 oktabrdagi PQ-3962-son qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlaring o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Vazirlik va hududiy boshqarmaning hay’ati qarorlari, vazir va uning o‘rinbosarlari, hududiy boshqarma rahbarlarining buyruqlari hamda topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
yuqori turuvchi hududiy boshqarmaning buyruqlari, tegishli mahalliy hokimlik qarorlari asosida o‘z vakolati doirasida buyruqlar chiqarish hamda uning ijro etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
xalq ta’limi sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
bo‘limda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, nomenklatura doirasida hududiy boshqarma boshlig‘iga takliflar kiritish, ularning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, bo‘limda kadrlar zahirasini shakllantirish;
belgilangan tartibda tasdiqlangan kadrlar nomenklaturasiga muvofiq bo‘lim va tasarrufidagi ta’lim muassasalari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish;
tasarrufidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining ustavlarini tasdiqlash;
bo‘limning va markazlashgan buxgalteriya tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim muassasalarining shtat jadvallarini va xarajatlar smetalarini byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlash;
Vazirlik tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilish, bo‘lim xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini ta’minlash;
o‘rinbosari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari faoliyati samaradorligini va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, hay’at majlislarida ularning hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali bo‘limda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
bo‘lim xodimlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida takliflar kiritish;
belgilangan tartibda tasdiqlangan kadrlar nomenklaturasiga muvofiq o‘rinbosari, ta’lim muassasasi rahbarlari va boshqa xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishining maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida hududiy boshqarma boshlig‘iga takliflar kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, «Jismoniy va yuridik shaxslaming murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida bo‘lim xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasidan kelib tushgan murojaatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash.
Bo‘lim mudiri o‘z vakolati doirasida qonun hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
6-bob. Bo‘lim mudirining javobgarligi
14. Bo‘lim mudiri:
bo‘limga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limining javobgarlik sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish
1-§. Bo‘lim rahbariyati
15. Bo‘limga hududiy boshqarma boshlig‘ining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir rahbarlik qiladi.
16. Bo‘lim mudirining hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan o‘rinbosari bo‘ladi.
17. Bo‘lim mudiri bo‘lmagan davrda uning vakolatlari mudir o‘rinbosari tomonidan bajariladi.
18. Bo‘lim mudiri idoraviy mansub ta’lim muassasalarining nizomini o‘rnatilgan tartibda tasdiqlaydi.
19. Bo‘limning shtat jadvali o‘rnatilgan tartibda bo‘lim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
2-§. Bo‘limning hududiy boshqarma va idoraviy mansub tashkilotlar
bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi
20. Bo‘limning tarkibiy bo‘linmalari hududiy boshqarmaning tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi, jumladan:
hududiy boshqarma rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida axborot beradi;
xalq ta’limi sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida hududiy boshqarmaga axborot taqdim etadi;
ulaming faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida aniqlangan ishdagi kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi;
o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
xalq ta’limi muammolarini hal qilishga qaratilgan takliflarni hududiy boshqarmaga taqdim etadi;
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik natijalari to‘g‘risida axborot beradi;
vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida xabar beradi.
21. Bo‘limning tarkibiy bo‘linmalari idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qilib:
1) topshiriqlarni idoraviy mansub tashkilotlarga etkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
2) idoraviy mansub tashkilotlarga tarkibiy bo‘linmaning bevosita faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
3) idoraviy mansub tashkilotlar faoliyati amaliyotini o‘rganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
4) idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistik va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishini tashkil etadi;
5) idoraviy mansub tashkilotlar ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ko‘radi;
6) idoraviy mansub tashkilotlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi, yuqori turuvchi idoralar vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflarni bo‘lim mudiriga kiritadi.
22. Bo‘limning tarkibiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar mudirning topshirig‘iga asosan mudir o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar ko‘rsatib o‘tilgan ko‘rib chiqishdan keyin kelishmovchiliklar tartibga solinmasa, ular bo‘yicha qaror bevosita mudir tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Bo‘limning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariningbo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari
va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi
23. Bo‘lim o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda o‘z vakolati doirasida boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
24. Bo‘lim tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqishda va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik qiladi.
4-§. Bo‘lim hay’ati
25. Bo‘limda, mudir (Hay’at raisi), mudir o‘rinbosari (lavozim bo‘yicha), shuningdek, bo‘lim faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi vakillaridan iborat tarkibda Hay’at tuziladi;
Hay’at tarkibining soni va shaxsiy tarkibi mudirning taqdimnomasiga asosan hududiy boshqarma tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at a’zosi lavozimidan ozod etilgan holatlarda (uning tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradigan a’zolardan tashqari) hay’at tarkibiga kiritiladigan nomzod bo‘yicha takliflar hududiy boshqarmaga kiritiladi.
26. Hay’at tomonidan quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqiladi:
bo‘lim faoliyatining asosiy vazifalarini rejalashtirish va amalga oshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul xodimlar va rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rgan holda o‘z tasarrufidagi tashkilot va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi dasturlar amalga oshirilishining natijadorligini tizimli ko‘rib chiqish;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limning dolzarb masalalari muhokama qilinishini ta’minlagan holda hay’atning kengaytirilgan sayyor majlislari o‘tkazilishini tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari, Vazirlikning va hududiy boshqarmaning Hay’at qarorlari va buyruqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun bo‘lim va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlarning ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at bo‘lim vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishga haqli.
27. Hay’at majlisiga bo‘lim vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan hududiy boshqarma vakillari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
28. Hay’at, agar uning majlisida hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at majlislari, qoida tariqasida, har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
29. Hay’at qarori bo‘lim mudirining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
30. Bo‘lim mudiri va Hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, bo‘lim mudiri yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida hududiy boshqarmaga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Shuningdek, Hay’at a’zolari ham hududiy boshqarmaga o‘z fikrini ma’lum qilishi mumkin.
31. Hay’at faoliyati tartibi Hay’at tomonidan tasdiqlanadigan uning reglamenti bilan belgilanadi.
32. Hay’at majlislari oralig‘ida bo‘lim mudiri huzuridagi yig‘ilishlar o‘tkaziladi.
Bunday yig‘ilishlar reja asosida har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Ushbu yig‘ilishlarga rejaga muvofiq tegishli xodimlar taklif etiladi.
Hay’at yig‘ilishi oralig‘idagi tegishli masalalar bo‘lim mudiri huzuridagi yig‘ilishlarda tegishli tartibda hal etiladi.
5-bob. Bo‘limni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish
33. Bo‘limning moddiy-texnik ta’minoti va xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
34. Bo‘lim faoliyati davomida xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilishni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
35. Bo‘lim xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalar, moddiy rag‘batlantirish, moddiy yordam va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat bo‘ladi.
Bo‘lim xodimlariga oylik ustamalar va moddiy rag‘batlantirishlar tarzidagi lavozim maoshlariga qo‘shimcha to‘lovlar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq to‘lanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
36. Bo‘limni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
37. Ushbu Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uni tasdiqlash tartibiga muvofiq amalga oshiriladi va belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Mazkur Nizom Zangiota tumani xalq ta’limi bo‘limining 2020 yil 30 oktabrdagi 4-sonli Kengash yig‘ilishida qabul qilingan.